Aylant Ailanthus altissima (Mill.) Swingle
Boshqa nomlari: xitoy shumtoli, badbo‘y daraxt
Ehtimol, bunday qarama-qarshi tuyg‘ularni keltirib chiqaradigan boshqa bir daraxt mavjud emasdir: aylantni bir vaqtning o‘zida ham yoqtirishadi, ham uni yomon ko‘rishadi. Uning vatani Xitoy bo‘lib, u o‘z nomini “osmon kabi baland” degan ma’noni anglatuvchi molukka tilidagi ai lantit so‘zidan olgan. Ingliz tilida so‘zlashadigan mamlakatlarda u tree of heaven (falak daraxti) deb ataladi, chunki u juda tez o‘sadi va taxminan 25 metr balandlikka yetadi.
Marshrut bo‘ylab chap tomoningizda aylantni toping.
Ko‘pincha bu o‘simlikni jirkanib “badbo‘y” deb atalishini eshitish mumkin. Agar bargini maydalasangiz yoki novdasini sindirsangiz, mushuk peshobining yoqimsiz hidini his qilishingiz mumkin.
Poyasi silliq yorqin po‘stloq bilan qoplangan va deyarli mukammal silindrsimon. Barglari yirik – uzunligi bir necha o‘n santimetrga yetadi – va ko‘pgina kichik bargchalardan iborat bo‘lib, bu ularga tropik ko‘rinish beradi.
Aylantning mayda sarg‘ish-yashil gullardan iborat yirik to‘pgullari bor. Daraxtlar ikki jinsda bo‘ladi va otalik gullari ayniqsa kuchli hidga ega. Ularning hidi mashq zalidagi iflos paypoqlarga qiyoslanadi. Shubhasiz, bu o‘ziga xos hid gulchanglarni otalik gullardan onalik gullariga tashlovchi hasharotlarni o‘ziga jalb qiladi va sehrlaydi.
Onalik daraxti uch yuz ellik ming qanotli meva berishi mumkin. Yetilganida ular qahrabo yoki qizil rangga kiradi, so‘ngra chiroyli aylangan holda shamol bilan uchib ketishadi. Ular deyarli hamma joyda o‘sib chiqishi hamda beton va asfaltdagi yoriqlarni osongina egallashi mumkin. Daraxt sement changi va zararli sanoat tutuni bilan kurashadi, suvni ildiz tizimida saqlash orqali qurg‘oqchilikka dosh beradi va ko‘pchilik nobud bo‘ladigan joyda omon qoladi.
Aylant – O‘zbekiston shaharlari ko‘chalarida eng keng tarqalgan daraxt va bu butunlay uning xizmati.
Aylant nafaqat chidamli, balki o‘ta invaziv va deyarli daxlsizdir. U haqdagi adabiyotlar asosan bu o‘simlikdan qanday qutulish kerakligiga bag‘ishlangan. Uni chopib tashlasangiz to‘nkasidan yangi novdalar ajoyib tezlikda chiqib keladi – kuniga ikki yarim santimetr yoki mavsumiga to‘rt metr. Uni yoqib yuborsangiz qisman ona daraxtidan oziqlangan bachki ildizlar chiqaradi, ular ham qayta tiklanishi mumkin. Garchi bu tur kamdan-kam hollarda ellik yildan ortiq umr ko‘rsa-da, uning bachki orqali ko‘payish qobiliyati unga o‘zini cheksiz klonlashtirish imkonini beradi. Aylant faqat o‘z ko‘chatlari chidamli bo‘lgan kuchli gerbitsidlarni ishlab chiqargan holda hatto raqobatdosh o‘simliklar bilan kurashadi.