Zarafshon daryosi vodiysi va Zarafshon milliy bog‘i uchun oddiy chiyabo‘ri odatiy tur hisoblanadi. Loy-qumloq sayozliklarga qarang, ehtimol siz chiyabo‘rilarning bir qancha izlarini ko‘rasiz. Chiyabo‘ri izini tulki va itnikidan ajratish uchun o‘rta barmoqlar orasidagi izga e’tibor berish kerak. Chiyabo‘rining oyoq kafti yung bilan qoplanmagan, izlar odatda tiniq bosiladi va ularda o‘rta barmoqlar orasida bo‘shliq yo‘qligini hamda yurak shaklida iz qoldirishini ilg‘ash oson.
Tashqi ko‘rinishidan chiyabo‘ri hajmi kichraytirilgan bo‘riga o‘xshaydi. Yungining ustivor tusi – kulrang, lekin biroz qizg‘ish, sarg‘ish va malla taram-taram chiziqlari bor. Shuning uchun uni oltin chiyabo‘ri deb ham atashadi. Katta mayin dumi har doim pastga yo‘nalgan bo‘ladi. Chiyabo‘rilarning panjalaridagi barmoqlar soni turlicha: old oyoqlarida beshtadan, orqa oyoqlarida esa to‘rttadan.
Bu yirtqich toʻqay oʻrmonlarida va daryolar boʻyida oʻsadigan chakalakzorlarda yashaydi, sariq tuproqli jarliklar boʻyidagi inlarda, shuningdek, unga tutash qishloq xoʻjaligi dalalarida yashirinadi.
Chiyabo‘ri – deyarli hamma narsa bilan oziqlanadigan hayvon. Yerga uya quruvchi qushlar va ularning tuxumlari, ilonlar, kaltakesaklar, qurbaqalar, kemiruvchilar, hasharotlar bilan oziqlanadi. Shuningdek, uning bog‘dagi ozuqasiga Turkiston kalamushi, yulg‘in qumsichqon, tolay tovushqoni, Zarafshon qirg‘ovuli, ondatra kiradi. Ushbu yirtqichning sevimli ov joylari Zarafshon daryosi o‘zanining suvsiz qismlari va ochiq yalangliklardir. Chiyabo‘ri o‘laksani ham yeydi. Shunday qilib, u sanitar rolini bajaradi. Yozning o‘rtasidan chiyabo‘rilar do‘lana, jiyda, chakanda mevalarini yeyishni boshlaydi.
Chiyabo‘ri tungi hayvondir, lekin ko‘pincha, ayniqsa qishda, kunduzi ham kezib yuradi. Chiyabo‘rilar yolg‘iz, juft bo‘lib yoki oilaviy guruhlarda ov qilishadi. Qorong‘i tushishi bilan ovga chiqishdan oldin hayvonlardan biri ingichka, g‘inshigandek qichqiriqqa o‘xshash baland ovozda uvillaydi, unga oilaning qolgan barcha a‘zolari darhol jo‘r bo‘ladi.
Bir to‘da ortidan boshqalari ham uvillay boshlaydi va oilaviy guruhlarning butun ovozi yo‘qlamadek birin-ketin eshitiladi. Iyun oyida katta chiyabo‘rilarning uvillashiga bolalari ham qo‘shilishadi, bu qichqiriqlarning nisbatan yuqori ohangida ancha seziladi.