Qayrag‘ochlar Shimoliy yarimsharning katta qismida keng tarqalgan, ko‘plab turlari Janubiy yarimsharda, ayniqsa Avstraliya va Indoneziyada o‘stiriladi. Ba’zi vakillarining balandligi 40 metrga yetadi, ammo qayrag‘ochlar orasida butalar ham uchraydi.
Ushbu turkum ilmiy tilda epifitotiya deb ataluvchi ommaviy kasallik qurboni bo‘lgan: po‘stloqxo‘r qo‘ng‘izlar tashib yuruvchi zamburug‘ keltirib chiqargan golland kasalligi natijasida butun dunyo bo‘ylab Yevropa yoki Shimoliy Amerikadan kelib chiqqan yetuk qayrag‘ochlarning ko‘pi nobud bo‘ldi.
Qayrag‘och bargi tishchali va aniq assimetrikdir: bir tomondan barg yaprog‘i ikkinchisiga qaraganda balandroq boshlanadi. Daraxtlarda mayda marjon gullarining to‘pgullari hosil bo‘ladi, keyin esa shamolni tutish uchun tekis qanotli disk bilan o‘ralgan ko‘plab urug‘lar paydo bo‘ladi.
Qayrag‘ochlar yorug‘likni yaxshi ko‘radi va zich daraxtzordan ko‘ra ochiq landshaftlarda o‘zini juda yaxshi his qiladi. Ular shahar ifloslanishiga yaxshi toqat qiladilar.
Qayrag‘ochlar chirishga chidamli, shuning uchun o‘rta asrlarda suv quvurlari ko‘pincha ularning yog‘ochlaridan ishlangan.
Qayrag‘och yog‘ochi o‘zining bir-biriga bog‘langan tolalari va buning natijasida yorilishga chidamliligi uchun qadrlanadi, shu tufayli tayko yapon barabanlarining korpusi keksa qayrag‘och yog‘ochidan tayyorlanadi. Uch yoki undan ortiq barabanlar to‘plami ko‘pincha bitta daraxtdan o‘yib olib yasaladi.
***
Marshrut bo‘ylab chap tomoningizdagi yo‘laklar kesishmasiga tutashgan hududda katta past bo‘yli qayrag‘ochni toping.
***
Past bo‘yli qayrag‘och Ulmus pumila L.
Boshqa nomlari: qorag‘och, pakana qayrag‘och, mayda bargli qayrag‘och
Markaziy Osiyoda past bo‘yli qayrag‘ochni qorag‘och – “qora daraxt” deb atashadi. Ehtimol, po‘stlog‘ining to‘q kulrang rangi tufaylidir. Ushbu daraxt balandligi 10—20 metrga yetadi. Quruq joylarda u buta shaklida o‘sadi.
Qayrag‘ochning boshqa turlaridan farqli ravishda, past bo‘yli qayrag‘och barglari deyarli simmetrikdir. Ular dag‘al, pastki qismida siyrak tuklar mavjud. Kuzda shox-shabbasining rangi to‘q yashildan sariq rangga o‘zgaradi. Shoxlari sarg‘ish-kulrang, o‘yiqchalari tarqoq. Gulbarglarsiz, shamolda changlanadigan gullari erta bahorda, barglar paydo bo‘lishidan oldin, zich bog‘lam bo‘lib gullaydi.
Markazida urug‘i bor qanotchali mevalari ko‘pchilikka kichkinagina qovurilgan tuxumni eslatadi. Yetilmagan urug‘lari azaldan Manjuriya aholisi tomonidan iste’mol qilingan, 1959-yildan 1961-yilgacha davom etgan Buyuk Xitoy ochligi davrida esa ular eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan biriga aylangan.