Quyi Amudaryo biosfera rezervati chegarasida, Urganch-Nukus avtomobil yo‘lidan olti kilometr narida va Nukusdan taxminan sakson kilometr masofada Xorazmni o‘rgangan mashhur tadqiqotchi Sergey Pavlovich Tolstov Amudaryo etaklarining eng chiroyli arxeologik yodgorligi deb hisoblagan qadimiy Janpiq qal’a qo‘rg‘oni joylashgan. Ko‘z oldingizda turgan qurg‘oqchil hududga qarab, 700 yil avval ushbu devor etaklarida sersuv daryo oqqanligi, qo‘rg‘onning o‘zi esa Sharq va G‘arb mamlakatlari bilan rivojlangan savdo aloqalariga ega port bo‘lganiga ishonish qiyindir.
O‘rta asrga tegishli qo‘rg‘on devorlari va minoralari qoldiqlari Sulton Uvays tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy tarmog‘idagi o‘simliklari bo‘lmagan yassi tog‘lardan deyarli 15-20 metr balandga yuksalib turadi. Olimlar arxeologik yodgorlik ichidagi binolarni miloddan avvalgi IV asrga tegishli deb belgilaydilar. Janpiq qal’ani bizning paytgacha saqlanib qolgan baquvvat devorlari IX-X asrlarga tegishli deb qayd qilingan.
O‘sha Iskandar Zulqarnaynning harbiy yurishlari vaqtida bu yerda Qizilqum chekkasida Buyuk dashtning ko‘chmanchi qabilalarining bepoyon o‘lkalari bilan chegaradosh dehqonchilik vohasi gullab-yashnagan. Urushdan holi yillarda qabilalar o‘zaro g‘alla va hunarmandchilik mahsulotlarini go‘sht va yungga juda faol ayirboshlashgan. Biroq tinchlikni saqlash uchun o‘sha ko‘chmanchilardan ham chegaralarni qo‘riqlash kerak bo‘lgan. Ushbu hududda mingga yaqin qo‘rg‘onlar saqlanib qolgan va Janpiq qal’a — qadimgi Xorazmdagi himoya inshootlarini qurish san’atining durdonalaridan biridir.
Olimlar ushbu maydoni katta bo‘lmagan qo‘rg‘on daryo va tog‘lar orasidagi yo‘lni qo‘riqlash bilan bir vaqtda odamlar gavjum bo‘lgan daryo portini ham quruqlik tomondan qo‘riqlagan deb taxmin qilishadi. Chunki xorazmlik savdogarlar X asrdan boshlab O‘rta Osiyoning barcha tashqi savdosini nazorat qilishgan. Kema karvonlari Amudaryo bo‘ylab Orol dengiziga tushgan va keyin Buyuk ipak yo‘li bo‘yicha g‘arbga qarab yurgan. Janpiq qal’ada o‘tkazilgan qazish ishlari davomida kelib chiqishi Misrdan to Skandinaviyagacha bo‘lgan o‘rta asr dunyosi davlatlariga tegishli topilmalar aniqlangan. Siz hozir ham oyog‘ingiz ostidan turli xil qalinlik va rangdagi sopol bo‘lakchalarni topishingiz mumkin. Lekin ularni o‘zingiz bilan olib ketmang, ushbu ochiq osmon ostidagi muzeyni bo‘lajak mehmonlar uchun saqlab qo‘ying.
Janpiq qal’ani atrofdagi tog‘ etaklarining murrakab landshaftiga qanchalik qulay joylashtirilganiga qarang. Uni qurish vaqtida qadimgi Xorazmning asrlar davomida sinalgan qurilish texnologiyalari muvafaqqiyat bilan qo‘llanilgan. Binolar asosida namlikni o‘tkazmaydigan daryo qumi ishlatilgan. Devorlar paxsa — yirik shakldagi loydan, hom blok va g‘ishtlardan qurilgan. Devorlar shunchalik mustahkam bo‘lganki, ular vaqt sinovi, cho‘lning og‘ir iqlimi, Qutayba boshchiligidagi arab qo‘shinlari hujumi va mo‘g‘ul bosqiniga bardosh bergan. Devor va kirish darvozalarining asoslarida yaqin oradagi tosh konlaridan qazib olib kelingan, yo‘nilmagan katta toshlar topilgan. Bog‘lovchi birikma sifatida hatto qubbasimon tomlarni ham ushlab tura oladigan yaxshi ishlov berilgan loydan foydalanilgan.
Janpiq qal’a qadimgi shahri hududida olimlar tomonidan harbiy inshoot qoldiqlari — tashqi bezaklari yaxshi saqlanib qolgan hukumdorning mustahkamlangan saroyi, turar joy va hunarmandchilik mavzelari, himoya minoralari va galereyalar aniqlangan, shimoliy devor yonida qabriston joylashgan.
XIV asrda uzilib qolgan arxeologik topilmalarni tahlil qilib qal’a Amir Temurning harbiy yurishlaridan so‘ng tashlandiq holga kelganligi aniqlangan. Amir Temur o‘z saltanati obro‘sini oshirish uchun g‘arbdagi bosh raqobatchilari — yarim qaram bo‘lgan Xorazm va Oltin O‘rdani zaiflashtirish uchun harakat qilgan. Janpiq qal’ani mavjudligiga yakuniy nuqtani qachonlardir qal’aga hayot baxsh etgan, erki o‘zida bo‘lgan daryo qo‘ygan: Amudaryo yana o‘zanini o‘zgartirib, nuragan devorlardan uzoqqa chekingan. Amudaryo qirg‘og‘idagi portning deyarli ikki ming yillik tarixi yakun topgan.