So‘qmoqlar va uning atrofidagi panja izlariga e’tibor bering. Ular orasida tirnoqli va pardali cho‘zilgan izlar bormi? Bu izlarni Qizil Kitobga kiritilgan juda kam uchraydigan sutemizuvchi – O‘rta Osiyo qunduzi qoldirgan.
Qunduz bir nechta inlar quradi. Ba’zilarida u uxlaydi yoki dam oladi, boshqalarida faqat bolalarini ovqatlantirish paytida yashaydi. Bu inlar alohida ehtiyotkorlik bilan yasalgan: kirish joyi suv ostiga yashiringan, shamollatish teshigi butalar ichiga aqlli tarzda berkitilgan.
Qunduz mo‘ynasining rangi yuqorisi to‘q qo‘ng‘ir, quyisi och, kumushrang. Jun qoplamasi uzun, dag‘al tuklar va yumshoq pastki mo‘ydan iborat. Yungining qalinligi hayratlanarli. Orqa tomonida 1 kvadrat santimetrga 35 000 ta, qorin bo‘shlig‘ida esa 50 000 ga yaqin tuk to‘g‘ri keladi. Orqa tarafidagi bitta qoplovchi yungi uchun o‘rtacha 155 ta, qorin bo‘shlig‘ida esa 120 ta tuk to‘g‘ri keladi.
Qunduzlar zo‘r suzuvchilardir. Ulardagi hamma narsa suvdagi hayotga moslashgan: torpedo shaklidagi tanasi, silliq mo‘ynasi, panjalaridagi pardalar, rul vazifasini bajaradigan dum, burun va quloqlarni berkituvchi maxsus klapanlar.
Qunduzlar tepaliklardan pastga tushishni yaxshi ko‘radilar. Ular mos keladigan loyli tik qiyalik topadilar, xalaqit berishi mumkin bo‘lgan hamma narsadan tozalaydilar, qorinlarida yotib, zavq bilan qichqirib, to‘g‘ri suvga sho‘ng‘ishadi! Ular suvda ham tinchishmaydi: bir birlari ketidan izg‘ishadi, shovqin ko‘tarishadi, “quvlashmachoq” o‘ynashadi.
Qunduz bolalari ko‘r bo‘lib tug‘ilishadi va faqat bir-bir yarim oydan keyin ko‘zlari ochiladi. Onasi ularni qirg‘oqqa olib kelib, bo‘ynidan olib, suvga tashlaguncha yana ancha vaqt o‘tadi. Qunduz bolalarining to‘rtta pardali panjalari bilan ishlab, o‘zlariga uzun mushakli dumi bilan yordam berib suzishdan boshqa iloji qolmaydi. Keyin onasi ularga sho‘ng‘ishni, baliq tutishni – umuman olganda, hayotda ular uchun kerakli bo‘lgan hamma narsani o‘rgatadi.
Baliqni iste’mol qilishi bilan qunduz baliq sanoatiga katta zarar yetkazadi, deb ishonilgan. Uni har qanday yo‘l bilan yo‘q qilishga harakat qilishgan, ayniqsa baliqchilik fermalari yaqinida. Va birdan shuni payqashadi: qunduz g‘oyib bo‘lgan joyda baliq ham kamaygan edi. Ma‘lum bo‘lishicha, sanitar-yirtqichlarning ayni o‘sha prinsipi bu yerda ham ishlarkan: birinchi navbatda kasal baliqlarni yo‘q qilish orqali qunduz suv havzalarini zararsizlantiradi va infeksiya tarqalishining oldini oladi.
Baliqdan tashqari, qunduz qisqichbaqalar va mollyuskalar, kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Uning ratsioniga vegetarian taomi ham kiradi.
Oʻtgan asrning oʻrtalarigacha qunduz Sirdaryo, Zarafshon, Amudaryo va uning irmoqlarida keng tarqalgan. Biroq, so‘nggi yarim asrda uning areali keskin qisqardi. Qunduzlar sonining kamayishi brakonyerlik, suv havzalarining quritilishi va baliq zahiralarining qashshoqlashuvi bilan bog‘liq.
Zarafshon bog‘i hududidan oqib o‘tuvchi va Zarafshon daryosiga quyiladigan kanal bo‘ylab daraxt va butalarning keng chizig‘ini tozalash bahonasi bilan noqonuniy ravishda kesib tashlash natijasida Zarafshon bog‘idagi qunduzning asosiy biotopi vayron bo‘lgan. Bog‘ ilmiy xodimlari allaqachon o‘lgan deb hisoblab qunduz oilasi bilan xayrlashgandi. Biroq, hayotiy faoliyatning yangi izlari topilmalariga ko‘ra, qunduzlar tirik qolishgan, ammo kamroq mos keluvchi yashash joyiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishgan. Ularning izlari oʻrmon chegarasidagi qurib qolgan Zarafshon kanali va asosiy daryo oʻzanidan topilgan. Yozda va kuzning boshida irmoqda hali ham suv bor edi, yanvar oyida esam izlar topilganda, suv yo‘q edi. Bu jonzotlar hozirda ozuqa uchun qayerda baliq tutishadi? Daryoning asosiy o‘zani to‘g‘on orqasida joylashgan bo‘lib, o‘ng qirg‘oqni suv bilan yuvib, o‘ng qirg‘oq irmoqlarini suv bilan to‘ldirishga imkon bermaydi. Shunday qilib, qunduzlar yo to‘g‘onni kesib o‘tib, asosiy daryo o‘zanidagi suv oqimida baliq tutib, to‘qay o‘rmoni panasiga qaytadilar, yoki kichik kanallardan oziq-ovqat izlab, bog‘ bo‘ylab kezadilar. Shunday qilib, qunduz, garchi bog‘da saqlanib qolgan bo‘lsa-da, juda qiyin ahvolda. Zarafshonning o‘ng qirg‘og‘iga suv yetkazib berish muammosini zudlik bilan hal qilish va butunlay yo‘qolib ketmasidan qunduzga normal yashash sharoitini ta’minlash zarur.