Shumtol – Zaytundoshlar oilasi vakili, uning qarindoshlari asosan janubiy o‘lkalarda yashaydi: zaytunga qo‘shimcha ravishda, bular, masalan, siren, ligistrum va forzisiya. Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning ko‘p qismida keng tarqalgan.
Daraxtni to‘q yashil lansetsimon bargchalardan iborat uzunligi yarim metrgacha bo‘lgan o‘ziga xos patsimon barglari bilan osongina tanib olish mumkin.
Barglari allaqachon to‘kilib ketgan bo‘lsa ham, shumtolni ichida gullar hosil bo‘lishi kechayotgan kichik, ammo ko‘zga yaqqol tashlanadigan qora qishki kurtaklari orqali aniqlash mumkin. Yangi barglar paydo bo‘lmasidan shumtol daraxti gullaydi. Gullar shamolda changlanadi va changlatuvchi hasharotlarni jalb qilishning hojati yo‘q, shuning uchun ularning yorqin gulbarglari bo‘lmaydi. Shunga qaramay, shumtol arilar “qarorgohi” sifatida ham katta ahamiyatga ega.
Shumtol va zarnabning umumiy tomoni bor: ikkala daraxt ham qurol ishlab chiqarishda muhim rol o‘ynagan, zarnab egiluvchanligi tufayli, shumtol esa pishiqligi tufayli. Katta mudofaa inshootlari va qal’alar yaqinida urush boshlanib qolganida yangi nayzalar, o‘qlar va kamon uchun yetarli material bo‘lishi uchun bu daraxtlarning katta plantatsiyalari yaratilgan. Shu o‘rinda, shumtol tezroq o‘sishi evaziga zarnabni bu borada ortda qoldirardi.
***
Marshrut bo‘ylab yo‘lakning chap tomonida, Korjinskiy nokining deyarli ro‘parasida So‘g‘diyona shumtolini toping.
***
So‘g‘diyona shumtoli Fraxinus Sogdiana Bunge
Boshqa nomlar: So‘g‘d shumtoli
Soʻgʻdiyona shumtoli daryo vodiylarida, pasttekislik oʻrmonlarida yoki Tyan-Shan va Pomir-Oloy togʻ yonbagʻirlarida oʻsadi. Odatda balandligi taxminan 10-15 metrga yetadi, ko‘pincha egri-bugri poyaga va kulrang-qo‘ng‘ir yoriq-yoriq po‘stloqqa ega.
Barglari uchtadan yig‘ilgan, 3-5 juft bargchalardan iborat. Barglarining shakli har xil bo‘lishi mumkin: deyarli dumaloqdan tor-lansetsimongacha. Bargning chekkalari notekis tishchali.
Mevalari – bir qanotli parrakka o‘xshash cho‘zilgan qanotli urug‘lar. Qanotli urug‘lar ichiga yashiringan cho‘zinchoq urug‘lari uning uzunligining yarmiga teng.
Shumtol urug‘lari qushlarning sevimli taomidir. Chittaklar, chumchuqlar, vyuroklar va snegirlarni “zararli” qushlar deb hisoblashadi, chunki qishning oxirida, oz miqdorda oziq-ovqat qolganida, ular mevali daraxtlarning kurtaklari bilan oziqlanishadi va shu bilan kelajakdagi hosilni kamaytiradi. Shumtol agar mevali ekinlar yonida o‘sadigan bo‘lsa, o‘zining ingichka mevalari bilan ularni himoya qiladi, chunki qushlar afzalroq ko‘ruvchi muqobilga ega bo‘ladi.