Ko‘l qirg‘og‘ida botqoq gulsapsari va dorivor o‘simlik botqoq igiri o‘sadi.
***
Botqoq gulsapsari Iris pseudacorus L.
Boshqa nomlari: suv gulsapsari, soxtaigir gulsapsar, sariq gulsapsar, igirsimon gulsapsar
Botqoq gulsapsari – balandligi 1-2 metr bo‘lgan ko‘p yillik o‘t o‘simlik. Yirik sariq gullari hajmi va shakli jihatdan bog‘ gulsapsarlariga o‘xshaydi. Keng, xuddi bukilib qolgandek bo‘lgan, gulbarglarga o‘xshash oddiy gulkosaning bo‘laklari turli yo‘nalishlarda yoyilgan, urug‘don gul yonbarglari bilan yashiringan. Gullari chiroyli, nektari ko‘p, lekin umri qisqa, tez so‘lib qoladi.
Yangi qazib olingan ildizpoyasining o‘tli hidi bor, sekin quritilganda esa yoqimli binafsha hid paydo bo‘ladi, shuning uchun uni “binafsha ildiz” deb atashadi.
***
Botqoq igiri Acorus calamus L.
Boshqa nomlari: oddiy igir, qamish igiri, igir ildiz
Oddiy igir – poyasi tekis, shoxlanmagan, uch yoqli ko‘p yillik o‘t. Taxminan bir metr balandlikka yetadi.
Igirning uzun, ingichka, qilich shaklidagi barglari gulsapsarnikiga o‘xshaydi, faqat chetlari to‘lqinli. Gullari ikki jinsli, mayda, yashil-sariq, makkajo‘xorinikidan bir oz kichikroq, yon tomonga chiqib turuvchi so‘taga yig‘ilgan.
Qalin, biroz yassi silindrsimon ildizpoya deyarli tuproq yuzasida joylashgan. U achchiq-yondiruvchi, taxir ta’mga va yoqimli o‘tkir hidga ega. O‘simlik ildizpoyalari tarkibidagi moddalar ishtahani oshiradi, ovqat hazm qilishni yaxshilaydi va me’da shirasining ajralishini kuchaytiradi. Igirning ildizpoyalari shuningdek, yallig‘lanishga qarshi, yaralarni davolovchi, og‘riq qoldiruvchi va tinchlantiruvchi ta’sirga ega. Quritilgan ildizpoyalardan ziravor sifatida muskat yong‘og‘i, lavr yaprog‘i, zanjabil va dolchin o‘rniga foydalanish mumkin.
Botqoq gulsapsari va igirini Sharqiy Osiyo hududidagi kattaroq ko‘l qirg‘og‘ida ham uchratish mumkin.