Suvda: oq suv nilufari va sariq hovuz nilufari
Overview
Reviews 0

Ko‘l yuzasida oq suv nilufari va sariq hovuz nilufarini zavq bilan tomosha qilishingiz mumkin. Sariq hovuz nilufari bizning botanika bog‘imizda Sharqiy Osiyo hududidagi kattaroq ko‘lda ham o‘sadi.

***

Sariq hovuz nilufari Nuphar lutea (L.) Sm.
Boshqa nomlari: sariq suv nilufari, sariq suv nufari

Sariq hovuz nilufari Shimoliy Amerika, Yevroosiyo va Shimoliy Afrikani o‘z ichiga olgan hududlarda keng tarqalgan.

Hovuz nilufarining suv yuzasidan bir oz ko‘tarilgan sariq gullari yorqin rangi bilan e’tiborni tortadi. Gulida beshta katta sariq gulkosabarglari va ko‘plab mayda barglari bor. Ko‘p sonli changchisi, lekin faqat bitta urug‘chisi bor. Uning shakli juda o‘ziga xos – u juda qisqa bo‘g‘izli dumaloq kolbaga o‘xshaydi. Gullari asosan chivinlar tomonidan changlanadi, ularni spirtli hid bilan o‘ziga jalb qiladi. Shuning uchun, ingliz tilida bu o‘simlik brandy bottle deb ataladi. Gullaganidan keyin urug‘chi asl shaklini saqlagan holda o‘sib boradi. Urug‘don ichida shilliqqa botgan urug‘lar yetiladi.

Hovuz nilufari guli suv havzasining tubida yotgan ildizpoyadan o‘sadigan uzun gulband oxirida joylashgan. O‘simlikning barglari yirik, qalin, o‘ziga xos dumaloq-yuraksimon shaklga, yorqin, yaltiroq yuzaga ega. Ular suv ustida suzadi, o‘simlikka gaz almashinuvini ta’minlaydigan og‘izchalar faqat barglarning yuqori qismida joylashgan (quruqlikdagi o‘simliklarda – yuqorisida va pastida). Barg bandlari, xuddi gulbandlar kabi, juda uzun. Ular ham ildizpoyadan kelib chiqadi.

O‘simlikning ildizpoyasi o‘zining haybatli hajmi bilan ajablantiradi. Uning qalinligi qo‘l kabi yoki undan ko‘p, uzunligi bir metrgacha. Qishda bu yerda kelgusi yilda barglar va gullarning shakllanishi uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari zaxiralari saqlanadi.

Toshbaqalar, qushlar, kiyiklar, bug‘ular, jayralar va boshqa hayvonlar hovuz nilufarining barglari bilan o‘tlaydi, poyasini kemiradi va ildizlarini yeydi. Ondatralar ko‘pincha ildizpoyalari bilan oziqlanadi.

Hovuz nilufari barglarining bandlari va gullari joylashgan gulbandlari serkovak. Ulardan ko‘pgina havo kanallari o‘tadi. Ushbu kanallar tufayli nafas olish uchun zarur bo‘lgan kislorod o‘simlikning suv osti organlariga yetib boradi. Barg bandlari yoki gulbandlarini yulish hovuz nilufariga katta zarar yetkazadi. Yulingan joyi orqali o‘simlik ichiga suv kira boshlaydi, bu esa suv osti qismining chirishiga va oxir-oqibat butun o‘simlikning o‘limiga olib keladi.

***

Oq suv nilufari Nymphaea alba L.

Oq suv nilufari o‘zining ko‘pgina xususiyatlari bo‘yicha hovuz nilufariga yaqin. Uning ham suv tubida yotuvchi semiz ildizpoyasi bor, barglari ham deyarli bir xil – yirik, yaltiroq, suvda suzadi. Ular barg yaprog‘i va barg bandidagi ko‘p sonli havo kameralari tufayli yuzada suzib turadi.

Biroq, gullari butunlay boshqacha. Gulining ko‘plab oq barglari turli taraflarga yo‘nalgan va qisman bir-birini berkitadi, gulning o‘zi esa hurpaygan oq atirgulni eslatadi. Ular yoqimli nafis iforga ega.

Suv nilufar gullari suv yuzasida suzadi va erta tongda ochiladi. Kechasi ular yana yopiladi va suv ostiga yashirinadi. Ammo bu faqat barqaror yaxshi ob-havo sharoitida, quyoshli va quruq bo‘lganda sodir bo‘ladi. Agar yomon ob-havo yaqinlashsa, suv nilufarlari o‘zini butunlay boshqacha tutadi – gullari yoki umuman suvdan chiqmaydi yoki muddatidan oldin yashirinadi. Shu tufayli, o‘simlik gullarining xatti-harakati yordamida ob-havoni oldindan aytish mumkin.

Gullaganidan so‘ng, gulpoyasi spiral shaklida buralib, rivojlanayotgan mevani suv ostida olib ketadi, meva u yerda pishib yetiladi. Pishganidan so‘ng, mevalari gulpoyadan uziladi, bir muddat suzib yuradi va keyin urug‘larini chiqargan holda notekis yoriladi.

Reviews

0.0

0 comments

Provided by

Dinara Adilova

Dinara Adilova

In love with Uzbekistan

This story belongs to