Yulg‘un
Overview
Reviews 0

So‘qmoqning yon tomonlariga qarang. Agar siz apreldan sentyabrgacha istalgan vaqtda bog‘da bo‘lsangiz, yorqin pushti butalarni ko‘rasiz. Bu tamarisk, O‘zbekistonda uni yulg‘un va jing‘il deb ham atashadi.

Yulg‘un – katta buta bo‘lib, barglari umuman yo‘qdek tuyulishi mumkin. Aslida ular juda kichik, eti qalin, ko‘pincha tangacha shaklida bo‘ladi. Ularning roli yashil shoxchalarga topshirilgan.

O‘simlik g‘unchalash davrida juda jozibali ko‘rinadi: go‘yo hamma yeri munchoqlar bilan qoplangan. U mayda gullar bilan gullaydi, lekin ularning uzun, zich poyalarda shunchalik ko‘pligidan butun to‘qay pushti rangga burkanadi. Urug‘lari yetilishi bilanoq paxmoq tuki bilan uchib ketishadi.

Tuki bilan sochilgan urug‘larga qo‘shimcha ravishda, yulg‘un boshqa tarqalib joylashish usuliga ega - suv yordamida. Hamma narsasi: urug‘lari, yangi ungan ko‘kati, yosh ko‘chatlari va yetilgan daraxtlari ham suzadi. Suv toshqini qirg‘oqni yuvib ketib yulg‘un suvga tushganda, u oqim bo‘ylab quyiga suzib boradi. Suzib yursa-da, o‘sishda davom etadi, sayozlikka joylashgach esa ildiz otadi.

Qushlar yulg‘unni nozik, nafis soyasi, panjara bo‘lib o‘sgan himoyalovchi novdalari va uyalarini qoplaydigan tuklari uchun yaxshi ko‘radilar. Yulg‘un urug‘larini hasharotlar yoqtiradi. Uzuntumshuq qo‘ng‘izlar gullariga o‘z tuxumlarini qo‘yadi, shunda ko‘sakchalardan urug‘lar o‘rniga qo‘ng‘iz lichinkasi ulg‘ayadi.

To‘qaylarda yulg‘un ko‘pincha tashrif buyuruvchilarni “samoviy manna yormasi” – tanasidagi sershira suyuqlik bilan xursand qiladi. Sirop shakar bilan qoplangan asalga o‘xshash zarralar shaklida qattiqlashadi. Sinay cho‘llarida och qolgan yahudiy cho‘pon qabilalariga “samoviy manna”ni balki yulg‘un yetkazib bergandir? To‘g‘ri, boshqa o‘simliklar: shumtol, tilog‘och, rododendron, evkalipt ham bunday “manna” beradi. Ammo ularning hech biri Sinayda yovvoyi holda o‘smaydi. Yulg‘un esa o‘sadi.

Yulg‘un tuzga chidamli. Agar tuz juda ko‘p bo‘lsa, u barglari orqali ortiqchasini to‘kib tashlaydi va keyin tuz tufayli oqish tusga kiradi.

Buta asalarichilar tomonidan qadrlanadi, u qurg‘oqchil hududlarda ajoyib asal beruvchi o‘simlik hisoblanadi.

Reviews

0.0

0 comments

Provided by

Dinara Adilova

Dinara Adilova

In love with Uzbekistan

This story belongs to