Yilning turli fasllarida Zarafshon bog‘ida 200 dan ortiq turdagi qushlarni ko‘rish mumkin.
O‘tib bo‘lmaydigan chakalakzorlar qushlar va ularning uyalari uchun ajoyib boshpanadir. Bu yerda Zarafshon daryosi vodiysi endemigi – Zarafshon qirgʻovuli yashaydi. Aniqlik kiritamiz, endemiklar faqat cheklangan hududda yashaydigan va shu sababli yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvon turlaridir, shuning uchun ular ko‘pincha Qizil kitobga noyob yoki yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlar va kenja turlar sifatida kiritilgan.
Bogʻda qirgʻovuldan tashqari yil davomida ko‘ktorg‘oq, oq qanotli qizilishton, Buxoro chittagi, soz bo‘ktargisi yashaydi. Bahorda tosh qirg‘iy, jig‘altoy, govkaptar, janub bulbuli, oddiy tentakqush, moyqutlar, yakamarlar va boshqa turlar uya solish uchun keladi.
Zarafshon daryosining sariq tuproqli jarliklarida ko‘kqarg‘alar va tilla rang kurkunaklar in quradi. Qamish va qo‘g‘a chakalakzorlarida qamish qushi va suv moshaklar uya solishadi. Daryo sayozliklari va shag‘alli orolchalarda kichik qorayoqa, kichik va oddiy chigirtchi uya quradilar. Hozirda daryoning yomon holati tufayli naslni ko‘paytirish maqsadida ayrim juftliklargina qolmoqda.
Tunda bog‘da sog‘ va quloqdor yapaloqqushlarning qichqiriqlarini eshitish mumkin. Yana bir yapaloqqush, O‘zbekistondagi eng yirigi, oddiy ukki muntazam ravishda bu yerda qishlaydi.
Milliy bog‘ hududi, jumladan, Zarafshon daryosi o‘zani qushlarning ko‘p turlari – oq va qora laylaklar, turnalar, jumladan, go‘zal turna va kulrang turna, suvqiyg‘ir, katta burgut, cho‘l burguti, qironqora va boshqalarning ko‘chib o‘tish yo‘llarida joylashgan.
Shuningdek, bu yer har xil turdagi qo‘tonlar, oʻrdaklar, qarchig‘ay, qirg‘iy, sharq sori, lochin va boshqa qushlarning qishlash joyi hisoblanadi.
Qushlarning xilma-xilligi va avifaunada noyob turlarning mavjudligi sababli Zarafshon milliy bogʻi Oʻzbekistonning eng muhim ornitologik hududlari roʻyxatiga kiritilgan.
Siz hali ham daraxtning tez taqillatilishini eshitmadingizmi?
Bu to‘qayning o‘troq vakili – oq qanotli qizilishtonning ishi.
Buxoro chittagi Zarafshon bog‘i mehnatkashlari va mehmonlarini yil davomida ma’muriy binolar oldida o‘z sayrashlari bilan kutib oladi. Ishonchimiz komil, siz ularni o‘sha yerda ham eshitgansiz. Bu kulrang chaqqon qushcha deyarli bir joyda o‘tirmaydi, novdalar bo‘ylab aylanib, bir ish bilan ovoradek shoxdan-shoxga sakraydi.
Jig‘altoy ham muntazam ravishda ma’muriy binolar yaqinida uya soladi. Uni bu yerda apreldan sentyabrgacha ko‘rish va eshitish oson.
Bu esa may oyida uya solish uchun uchib keladigan janub bulbulining kuyi. Odatda janub bulbulini ilg‘ash ancha qiyin. Ko‘pincha dumini baland tutgan holda butalar tagida yoki yerda o‘tiradi. Uyalash davrida butun to‘qay o‘rmoni uning sayrashiga to‘ladi. Avgust oyida bulbullar birin-ketin bittalab qishlashga uchib keta boshlaydilar, lekin sentyabr oyida ham ularning cho‘zib aytiluvchi kuylari to‘qaylarda eshitilib turadi.
Bu toʻqay oʻrmonlariga xos boʻlgan qirg‘iy – Turkiston tosh qirg‘iyi ovozi. Zarafshon bog‘ida tosh qirg‘iy baland to‘rang‘ilarga uya quradi. Uning qizil-to‘q sariq rangdagi ko‘zining rangdor pardasi yorqin va g‘ayrioddiy ko‘rinadi. Tosh qirg‘iy ko‘chib yuruvchi tur, bu issiqlikni yaxshi ko‘radigan qush qishlash uchun qolmaydi. Kuzda uning o‘rnini qirg‘iylarning eng kattasi – qarchig‘ay egallaydi deyish mumkin.
Qarchig‘ay O‘zbekistonga kuz va bahor migratsiyalari vaqtida keladi hamda daryo vodiylari va tog‘larda qishlaydi. Zarafshon bog‘ida daraxt va buta to‘qayi ichida yashaydi. Qirg‘ovul, kabutarlar va boshqa qushlarni ovlaydi.
Bu ovozni esa daryo yaqinida eshitishingiz mumkin. Bu qora qalpoqli oq yoki och kulrang patli, uzun, qizil tumshug‘i va qizil panjalari bo‘lgan qush – oddiy chigirtchi. Baliq ortidan u mohirlik bilan daryoga sho‘ng‘iydi. Chigirtchilar, shuningdek, mollyuskalar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Aprel oyida Zarafshon bog‘ida paydo bo‘ladi, uyalagandan keyin esa oktyabr oyining boshigacha uchib ketadi.